Orqaga
Calendar icon

“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” – Mustaqillik saboqlari

Qo‘qon davlat universitetining barcha fakultetlarida mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlab “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan “Mustaqillik darsi” tashkil etildi.

Mazkur darslarda talabalar, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va mehmonlar ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarda Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat va xalq oldidagi mas’uliyat tuyg‘usini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Tarix kafedrasining tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borilgan darslarda O‘zbekiston mustaqillikka erishish jarayonidagi tarixiy bosqichlar, istiqlolning dastlabki yillaridagi islohotlar hamda bugungi taraqqiyot yutuqlari haqida keng ma’lumotlar berildi. Shuningdek, istiqlol tufayli erishilgan yutuqlar, xalqimizning ozod va obod hayot sari intilishlari, Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati ham yoritib o‘tildi.

Talabalar o‘z chiqishlarida mustaqillikning ular hayotidagi o‘rni, kelajakka bo‘lgan ishonch va intilishlari haqida fikr bildirdilar. Ularning nutqlarida milliy iftixor, Vatan ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyat va yuksak orzular aks etdi.

“Mustaqillik darsi” nafaqat tarixiy bilimlarni boyitish, balki yoshlar qalbida g‘urur va mas’uliyat tuyg‘usini uyg‘otishda, ularni yurtga sadoqat va fidoyilik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.