Orqaga
Calendar icon

“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun”: Qo‘qon davlat universitetida mustaqillik saboqlari

Qo‘qon davlat universitetida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida “Mustaqillik darsi” barcha fakultetlarda bir vaqtda o‘tkazildi. Tadbirning bosh maqsadi yoshlar ongida mustaqillik g‘oyasini mustahkamlash, tarixiy xotira va yurtparvarlik tuyg‘ularini yanada kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.

Darslar davomida mustaqillikning tarixiy-madaniy mohiyati, ozod va obod yurtni orzu qilgan ota-bobolarimizning kurash va fidoyiligi, mustaqillikni qo‘lga kiritish jarayonidagi murakkab sinovlar keng yoritildi. Shuningdek, mustaqillikdan so‘ng qisqa tarixiy davrda mamlakatimizda erishilgan yutuqlar, turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaralari hamda ularning jamiyat hayotidagi ijobiy ta’siri misollar orqali tushuntirildi.

Universitetning barcha fakultetlarida, jumladan Pedagogika va psixologiya fakultetida ham “Mustaqillik darsi” mazmunan yagona konsepsiya asosida olib borildi. Ma’ruzachilar va ustozlar talabalarga mustaqillik qadri, milliy o‘zlikni anglash, fuqarolik mas’uliyati hamda qonunlarga hurmat kabi mavzularni interfaol usullarda yetkazdi. Darslarda tarixiy manbalar, statistik dalillar va zamonaviy islohotlardan olingan real misollar qo‘llanib, mavzuning hayotiy ahamiyati ochib berildi.

Tadbir yakunida talabalarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi. Talabalar mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va ta’lim tizimidagi yangilanishlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Mazkur darslar o‘quv yili davomida ham ma’naviy-ma’rifiy ishlarning uzviy qismi sifatida muntazam davom ettiriladi.