Orqaga
Calendar icon

Korrupsiyaga qarshi kurashda ochiqlik va shaffoflik – asosiy tamoyil

Qoʻqon davlat universitetida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bagʻishlangan targʻibot va maʼrifat ishlari izchil davom etmoqda. Har yili mazkur yoʻnalishda kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilishi natijasida taʼlim muassasasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish va korrupsiyaning oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy oʻquv yilida ham universitet xodimlari va professor-oʻqituvchilarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, taʼlim jarayonining barcha bosqichlarida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlab, ularning oldini olish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda Sanʼat va sport fakultetida ilk uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” boʻlimi boshligʻi Mirzobek Mahmudov, fakultet dekani dotsent Jamshid Tojibayev, Registrator ofisi mutaxassislari, dekan oʻrinbosarlari hamda professor-oʻqituvchilar ishtirok etdilar.

Uchrashuvda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi qonuniy meʼyorlar, korrupsion huquqbuzarliklarning oqibatlari, shuningdek, bunday illatlarning jamiyat hayotiga salbiy taʼsiri haqida atroflicha fikrlar bildirildi. Soʻzga chiqqanlar taʼlim tizimida halollik va shaffoflikni taʼminlash, xizmat vazifalarini bajarishda masʼuliyatni oshirish, korrupsion xatti-harakatlarning oldini olishga qaratilgan taklif va tashabbuslarni ilgari surdilar.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi uchrashuvlar universitetning boshqa fakultetlarida ham reja asosida bosqichma-bosqich oʻtkazilmoqda.