Qo‘qon davlat universitetida yangi raqamli platforma ishga tushirildi
Ta’lim jarayonini korrupsiyasiz va shaffof tizim asosida tashkil etish maqsadida Qo‘qon davlat universitetida yangi raqamli platforma — edu-department.kokandsu.uz ishga tushirildi.
Endilikda ushbu platforma orqali:
-O‘quv rejalarni shakllantirish va yo‘nalishlar kesimida tartibga solish;
-Kafedra o‘quv yuklamalarini raqamlashtirish va ularni professor-o‘qituvchilar o‘rtasida adolatli taqsimlash;
-Shaxsiy ish rejalarni yaratish va tasdiqlash (o‘qituvchilar taqsimot asosida ish rejasini shakllantiradi, tizim esa uni mas’ullar tomonidan elektron imzo orqali tasdiqlash imkonini beradi);
-Fan dasturi va sillabuslarni yaratish hamda ularni elektron tartibda tasdiqlash;
-Professor-o‘qituvchilarning mehnat samaradorligini (KPI) baholab borish imkoniyati yaratildi.
Mazkur tizim ortiqcha byurokratiya va qog‘ozbozlikni kamaytirib, ta’lim jarayonida ochiqlik va adolatni ta’minlash, korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi. Shuningdek, tizim orqali universitet miqyosida o‘quv yuklamalar statistikasi shakllantiriladi, o‘quv jarayoniga oid me’yoriy hujjatlar yuritilishi nazorat qilinadi va ularning bajarilishi muntazam ravishda tahlil qilinadi.
Qo‘qon davlat universiteti rahbariyati ushbu tashabbus orqali ta’lim sifatini oshirish, boshqaruv jarayonlarida korrupsiyasiz, shaffof va adolatli tizimni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilmoqda.