Orqaga
Calendar icon

San’at va sport fakultetida qadriyat va tabiat uyg‘unligi bayrami

Tabiatning eng go‘zal fasllaridan biri — kuz, inson qalbiga iliqlik, mehnat va baraka tuyg‘ularini olib kiradi. Ushbu fasl nafaqat hosil va mo‘l-ko‘llik davri, balki ma’naviyat, qadriyat hamda ijodiy yangilanish fasli sifatida e’zozlanadi.

Shu munosabat bilan Qo‘qon davlat universiteti San’at va sport fakultetidaKuz ne’matlari va Milliy kiyimlar” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir yoshlarning tabiatga mehrini kuchaytirish, milliy urf-odat va qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash hamda ijodiy tafakkurini rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

Bayramona ruhda o‘tgan tadbir davomida talabalar tomonidan milliy qo‘shiqlar, laparlar ijro etilib, milliy raqslar namoyish qilindi. Kuz faslining o‘ziga xos go‘zalligi va milliy kiyimlar jozibasini ifodalovchi sahna ko‘rinishlari, badiiy chiqishlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, talabalar o‘z qo‘llari bilan osh damlab, mehmonlarga tortiq qilishdi. Dasturxonlarda kuz ne’matlari — mevalar, sabzavotlar, hosil mahsulotlari bilan bezatilgan ko‘rgazmalar tashkil etildi. Bu orqali yoshlar nafaqat milliy taom madaniyatini, balki tabiat ne’matlariga hurmat va e’tibor tuyg‘usini ham namoyon etdilar.

Mazkur madaniy-ma’rifiy tadbir yoshlarda milliy g‘urur va qadriyatlarni asrab-avaylash, tabiatga mehr hamda birlik va samimiyat ruhini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.