Orqaga
Calendar icon

Rektor jahon Kubogining sovrindor talabalari bilan uchrashdi

Xabaringiz bor, yaqinda talabalarimiz Rossiya Federatsiyasining Chuvashiya Respublikasi, Novocheboksarsk shahrida o‘tkazilgan belbog‘li kurash bo‘yicha jahon Kubogi musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, oltin va bronza medallarni qo‘lga kiritgan edi.

8–11-oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan mazkur nufuzli musobaqada 15 davlatdan 300 nafarga yaqin sportchi qatnashdi. Qo‘qon davlat universiteti San’at va sport fakulteti talabalaridan Ozodbek Salimov (57 kg) erkin yo‘nalishda oltin medalni, Abdulazizxon Muhammedov (62 kg) esa klassik yo‘nalishda bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Bugun Qo‘qon davlat universiteti rektori Dilnoza Xodjayeva jahon Kubogi sovrindori boʻlgan talabalar bilan uchrashib, ularni g‘alaba bilan tabrikladi. Rektor talabalarning xalqaro musobaqadagi muvaffaqiyati universitet jamoasi uchun faxr va g‘urur ekanini ta’kidladi.

— Sizlarning g‘alabangiz — mehnatsevarlik, iroda, qat’iyat va vatanparvarlikning yorqin ifodasidir. Siz nafaqat universitetimiz, balki butun O‘zbekiston yoshlarining salohiyatini dunyoga namoyon qildingiz. Shu kabi yutuqlar bizni faxr-iftixorga to‘ldiradi va yangi marralarni zabt etishga ruhlantiradi, — dedi Dilnoza Xodjayeva.

Uchrashuvda sportchilarga faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir samimiy muloqot va esdalik suratga tushish bilan yakunlandi.