“Kuz ne’matlari” – yoshlarda tabiatga mehr va qadriyat tuyg‘usini uyg‘otdi
Qo‘qon davlat universitetining Gumanitar fanlar va tillar fakultetida “Kuz ne’matlari” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda talabalar tomonidan kuz faslining go‘zalligi, mehnatsevarlik va mo‘l-ko‘llik timsoli sifatida badiiy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari, milliy taomlar ko‘rgazmasi va xalq og‘zaki ijodi namunalarining ijrosi namoyish etildi. Barcha chiqishlar ishtirokchilarda quvonch, faxr va milliy iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Tadbirning asosiy maqsadi — yoshlarning mehnatga hurmat, tabiat in’omlariga ehtirom, milliy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash, estetik didini oshirish va jamoaviylik ruhini kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda universitetning birinchi prorektori Ahmadjon Husanov hamda fakultet dekani Dilnoza Jamoliddinova so‘zga chiqib, talabalarni ushbu tashabbus uchun tabrikladilar. Ular “Kuz ne’matlari” tadbiri yoshlarning ijodkorlik salohiyatini namoyon etish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va ularga yangi ma’no baxsh etish yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidladilar.
Shuningdek, talabalar o‘z she’r, qo‘shiq va teatr sahnalari orqali kuz faslining fayzu barakasi, ona zamin mo‘l ne’matlari hamda inson mehnatining yuksak qadrini ifoda etdilar. Tadbir yakunida faol ishtirokchilar fakultet rahbariyati tomonidan faxriy diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur tadbir nafaqat madaniy hordiq, balki ma’naviy tarbiya, ekologik tafakkur va milliy qadriyatlarni chuqur anglashga yo‘naltirilgan dars sifatida ham katta ahamiyat kasb etdi.