Orqaga
Calendar icon

“Besh tashabbus olimpiadasi”: yangi mavsumga start berildi

Bugun yurtimiz bo‘ylab oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2025-yilgi mavsumi tantanali tarzda start oldi.

Respublika miqyosida markazlashgan holda o‘tkazilayotgan mazkur nufuzli sport tadbirining ochilish marosimi Farg‘ona davlat universiteti sport majmuasida bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdilar.

Ochilish marosimida Qo‘qon davlat universiteti nomidan Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ahmadjon Husanov, universitet Sport klubi raisi o‘rinbosari Zokir G‘afurov, shuningdek viloyat sport boshqarmasi mas’ullari, professor-o‘qituvchilar va sportsevar talaba-yoshlar qatnashdilar.

Tadbir davomida yoshlarga mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, “Besh tashabbus” doirasida yaratilayotgan imkoniyatlar hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish borasida olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.

Olimpiada sport turlari orqali yoshlarning irodasi, matonati va g‘alabaga intilishini namoyon etish, ular o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yangi mavsum talabalarning bilim va salohiyati bilan bir qatorda, ularning sportdagi yutuqlarini ham keng ommaga ko‘rsatib berishi kutilmoqda.