Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt kafedrasi

Kafedra haqida

Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt kafedrasi kafedrasi Qo‘qon davlat universitetining yetakchi kafedralaridan biri hisoblanadi.

“Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt” kafedrasining missiyasi — zamonaviy raqamli iqtisodiyot va innovatsion jamiyat talablariga javob beradigan yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashdan iborat. Kafedra o‘quv jarayonida raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, dasturlash va axborot tizimlari sohalaridagi ilg‘or bilimlarni integratsiyalash asosida talabalarda mustaqil fikrlash, innovatsion yondashuv va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishni maqsad qiladi.


Shuningdek, kafedra ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda ta’lim jarayonini global standartlarga moslashtirish orqali jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘yadi.



Fakultet

Aniq fanlar va muhandislik fakulteti

Kafedra mudiri

Abdullayev Alibek Qodiraliyevich

Kafedra tarixi

“Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt” kafedrasi o‘z faoliyatini 1987-yilda “Hisoblash matematikasi va informatika kafedrasi” nomi bilan boshlagan bo‘lib, o‘sha davrda institut va fakultet miqyosida eng yosh kafedralardan biri hisoblangan. Shunga qaramasdan, kafedra a’zolari — fizika-matematika fanlari nomzodlari N. Sheraliyev, A. Xasanov, O. Qo‘shmatov, texnika fanlari nomzodi M. Aripov, pedagogika fanlari nomzodi A. Ergashev, katta o‘qituvchi M. Ibragimova hamda o‘qituvchilar H. Inomjonova, Z. Sanginova, A. Ibrohimov va A. Ismoilovlar V.G. Qahhorov (kafedra mudiri) rahbarligida o‘quv jarayonini zamonaviy ilmiy-texnika yutuqlari asosida tashkil etish va kafedra faoliyatini yuqori darajaga ko‘tarish bo‘yicha muhim ishlarni amalga oshirganlar.


1990-yillarga kelib kafedra laboratoriyalari zamonaviy texnik vositalar bilan boyitilib, 50 dan ortiq mikrokalkulyatorlar, “KUVT”, “KORVET”, “YAMAXA” elektron hisoblash mashinalari, IBM PC hamda “Praves 8-A” kompyuterlari bilan jihozlangan. 1992-yillarga kelib esa pedagoglar uchun mo‘ljallangan displey sinflari, DVK-2 va AGAT shaxsiy kompyuterlari ham ishga tushirilgan.


1994–1997-yillarda kafedraga texnika fanlari nomzodi M. Aripov, O. Qo‘shmatov hamda fizika-matematika fanlari nomzodi I. Nabiyev rahbarlik qilgan. 1997–2004-yillarda kafedra “Informatika va hisoblash texnikasi” nomi bilan faoliyat yuritib, unga texnika fanlari nomzodi, dotsent S. Haydarova mudirlik qilgan. 2004-yil oxirida “Informatika va hisoblash texnikasi” hamda “Matematika” kafedralari birlashtirilib, “Matematika-informatika” kafedrasi tashkil etildi va unga fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Sh. Soliyev rahbar etib saylandi. 2004–2010-yillarda kafedra Sh. Soliyev rahbarligida sezilarli yutuqlarga erishib, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.


2010–2012-yillarda kafedrani fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent B. Mamadaliyev boshqardi va ilmiy ishlar hamda iqtidorli talabalar bilan ishlash jarayonlarini faollashtirdi. 2012-yildan kafedraga texnika fanlari nomzodi A. Abdullayev mudirlik qildi. 2013-yildan kafedra “Matematika” va “Informatika va axborot texnologiyalari” kafedralariga ajratildi. 2015-yildan boshlab “Informatika o‘qitish metodikasi” kafedrasi sifatida faoliyat yuritib, unga Sh. Ahmadaliyev va I. Siddiqov rahbarlik qildilar.


2020-yildan kafedra “Fakultetlararo matematika-informatika” va “Informatika” kafedralariga ajratildi. Ularga mos ravishda F. Sh. Shirinov (PhD) va I. Rasulov (PhD) rahbarlik qildilar. 2024-yilda ushbu kafedralar yana birlashtirilib “Informatika” kafedrasi sifatida faoliyat yurita boshladi va unga DSc A. Abdullayev rahbarlik qildi. 2025-yil avgust oyidan boshlab kafedra “Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt” nomi bilan faoliyat yuritib, unga pedagogika fanlari doktori (DSc), dotsent A. Q. Abdullayev rahbarlik qilib kelmoqda. U kafedrada ta’lim sifatini oshirish, o‘quv-uslubiy va ilmiy faoliyatni yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda.


Hozirgi kunda kafedra xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor berib, bir qator xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan samarali aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Kafedra professor-o‘qituvchilari ushbu hamkorlik doirasida xorijiy oliy ta’lim muassasalarida muntazam stajirovkalardan o‘tib, o‘zlarining ilmiy-pedagogik malakasini oshirmoqdalar hamda zamonaviy pedagogik tajribalarni o‘zlashtirmoqdalar. Bu esa kafedraning xalqaro ilmiy maydondagi faolligini oshirish va ta’lim jarayonini zamonaviy standartlar asosida tashkil etishga xizmat qilmoqda.


“Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt” kafedrasida hozirda 26 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi. Ular tarkibida 2 nafar fan doktori, 3 nafar fan nomzodi, 5 nafar PhD mavjud bo‘lib, shuningdek, 2 nafar professor, 8 nafar dotsent, 3 nafar katta o‘qituvchi va 14 nafar o‘qituvchi faoliyat olib bormoqda. Kafedraning ilmiy-pedagogik salohiyati 46 foizni tashkil etadi va bu ko‘rsatkich yildan yilga oshib bormoqda. Bu esa ta’lim sifati va ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Kafedra missiyasi

“Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt” kafedrasining missiyasi — zamonaviy raqamli iqtisodiyot va innovatsion jamiyat talablariga javob beradigan yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashdan iborat. Kafedra o‘quv jarayonida raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, dasturlash va axborot tizimlari sohalaridagi ilg‘or bilimlarni integratsiyalash asosida talabalarda mustaqil fikrlash, innovatsion yondashuv va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishni maqsad qiladi.


Shuningdek, kafedra ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda ta’lim jarayonini global standartlarga moslashtirish orqali jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘yadi.



Kafedra o'qituvchilari

Kafedra yutuqlari

Kafedrada professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali olib borishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga doimiy ravishda alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. 2024-yilda kafedra professori H.I. Xonboboyev, 2025-yilda esa dotsent A.Q. Abdullayev fan doktori (DSc) ilmiy darajasini muvaffaqiyatli himoya qildilar. Shuningdek, 6 nafar professor-o‘qituvchi dotsent ilmiy unvonini oldi.


2024-yilda kafedrada bir qator ilmiy-tadqiqot ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 05.01.01 — Muhandislik geometriyasi va kompyuter grafikasi, audio va video texnologiyalari hamda 13.00.06 — Elektron ta’lim nazariyasi va metodikasi ixtisosliklari bo‘yicha tayanch doktorantura (PhD) yo‘nalishlari ochildi va iqtidorli yosh tadqiqotchilar qabul qilindi.


Kafedra xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ham keng hamkorlik qilib kelmoqda. 2024-yilda Tojikiston va Qozog‘iston Respublikalaridan tashrif buyurgan olimlar tomonidan ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar olib borildi. 2025-yilda esa xalqaro ilmiy uchrashuvlar va tajriba almashuv dasturlarini kengaytirish rejalashtirilgan.


Shuningdek, kafedra a’zolari tomonidan monografiyalar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, nufuzli xalqaro bazalarda indekslanuvchi maqolalar, OAK jurnallarida hamda xalqaro va respublika konferensiyalarida tezislar chop etilgan. Bir qator professor-o‘qituvchilar til sertifikatlarini qo‘lga kiritgan, iqtidorli talabalar esa xalqaro innovatsion tadbirlarda faol ishtirok etgan.