Kafedra haqida
Psixologiya kafedrasi kafedrasi Qo‘qon davlat universitetining yetakchi kafedralaridan biri hisoblanadi.
Psixologiya kafedrasining missiyasi — zamonaviy bilim va kasbiy kompetensiyalarga ega, yuqori malakali psixolog mutaxassislarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda jamiyatda psixologik madaniyatni yuksaltirishga xizmat qilishdan iborat.
Kafedra ta’lim jarayonida innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy etish, talabalarning ilmiy-amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish va milliy hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratadi. Shuningdek, psixologiya fanini rivojlantirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish hamda ta’lim va ijtimoiy sohalarda psixologik xizmat sifatini takomillashtirishni maqsad qiladi.
Fakultet
Pedagogika va psixologiya fakulteti
Kafedra mudiri
Saliyeva Dilorom Abdullayevna
Kafedra mudiri
Saliyeva Dilorom Abdullayevna
Kafedra mudiriBiografiya va ilmiy faoliyat
Solieva Dilorom Abdullayevna 1975-yil 11-avgustda Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Millati — o‘zbek, partiyaviyligi yo‘q. Oliy ma’lumotli bo‘lib, 1997-yilda Qo‘qon davlat pedagogika institutini kunduzgi ta’lim shaklida tamomlagan. Mutaxassisligi — boshlang‘ich ta’lim metodikasi.
Ilmiy darajasi — psixologiya fanlari nomzodi, ilmiy unvoni — professor. Rus tilini biladi. Davlat va idoraviy mukofotlar bilan taqdirlanmagan. Saylanadigan organlar a’zosi emas.
Mehnat faoliyatini 1992–1997-yillarda Qo‘qon davlat pedagogika institutida talabalikdan boshlagan. 1997–1998-yillarda Qo‘qon shahridagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabida, 1998–2002-yillarda 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. 2002–2012-yillarda Qo‘qon davlat pedagogika instituti Umumiy pedagogika va psixologiya kafedrasida o‘qituvchi, 2012–2013-yillarda katta o‘qituvchi lavozimida faoliyat yuritgan.
2013-yilda kafedra mudiri vazifasini bajaruvchi, 2013–2015-yillarda Umumiy pedagogika va psixologiya kafedrasi mudiri bo‘lgan. 2015–2019 va 2019–2024-yillarda Pedagogika va psixologiya kafedrasi mudiri lavozimida ishlagan. 2024–2025-yillarda Psixologiya kafedrasi mudiri bo‘lgan. 2025-yil 2-apreldan hozirgi kunga qadar Qo‘qon davlat universiteti Psixologiya kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Kafedra tarixi
Qo‘qon davlat universiteti Psixologiya kafedrasi tarixi pedagogika kafedrasi bilan hamkorlikda 1945-yil fevral oyidan boshlangan. 1980-yilda mustaqil Psixologiya kafedrasi tashkil etildi. Dastlabki davrlarda kafedraga Z. Kuliyev, R. F. Ratner, keyinchalik O. M. Muhammadjonov, A. O. Omonov, N. Yoqubov va B. Ya. Ortiqov rahbarlik qilgan. 1985-yil oxiridan boshlab kafedrani psixologiya fanlari nomzodi, dotsent M. E. Zufarova boshqargan.
Kafedrada o‘quv jarayonini takomillashtirish, o‘quv xonalarini zamonaviy texnika bilan jihozlash, psixologik laboratoriyalar tashkil etish hamda malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilgan.
M. E. Zufarova “7 yoshli bolalarni psixologik jihatdan maktab ta’limiga tayyorlash” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, psixologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan hamda 1970-yilda unga dotsent unvoni berilgan.
Kafedra a’zolaridan Z. Yu. Yoqubova “Yuqori sinf o‘quvchilarida shaxsiy va maxsus qobiliyatlarning yo‘nalishi” (1988), V. G. Gorobets “Shaxs xususiyatlarini idrok etishning kognitiv shakllanish shartlari va xususiyatlari” (1989), S. O. Obidjonova “Maktabgacha yoshdagi bolalarda fazoviy tasavvurlar rivojida obrazli va nutqiy vositalar nisbati” (1990), M. T. Qo‘chqorov esa “O‘smirlik davrining turli bosqichlarida mehnatga munosabat motivlarining rivojlanishi” (1991) mavzularida nomzodlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Kafedra a’zolari individual ilmiy ishlardan tashqari “Umumiy ta’lim va hunar maktablarini isloh qilish asosida boshlang‘ich sinflarda o‘quv jarayonini takomillashtirish va faollashtirishning psixologik asoslari” kompleks mavzusi bo‘yicha ham ilmiy tadqiqotlar olib borganlar.
1985-yildan boshlab kafedra Qo‘qon shahridagi 29-maktab bazasida, 1989-yildan esa shahar va tuman maktablarida pedagogik kasbga yo‘naltirilgan “Pedagogik sinflar”ni tashkil etib, muntazam mashg‘ulotlar olib borgan. Ushbu sinflarda 7–10-sinf o‘quvchilari bilan pedagogik kasbga qiziqishni shakllantirish, yosh davrlari psixologiyasi, pedagogik adabiyotlar va kinofilmlar tahlili orqali kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, bolalar bog‘chalari va maktablarda amaliy mashg‘ulotlar orqali muloqot ko‘nikmalari mustahkamlangan.
Kafedra o‘qituvchilari shahar va tuman maktablarida psixologik xizmatni yo‘lga qo‘yish, ta’lim islohotlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy-metodik anjumanlar tashkil etishda faol ishtirok etganlar.
Kafedra a’zolari respublika miqyosidagi ilmiy anjumanlarda ham muntazam qatnashib kelgan. Jumladan, M. E. Zufarova psixologlarning IV syezd delegati bo‘lgan hamda XV pedagogik o‘qishlarda “6 yoshli bolalarni ta’lim-tarbiya jarayonida psixologik rivojlantirish xususiyatlari” mavzusida ma’ruza qilgan va “O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi” unvoniga sazovor bo‘lgan.
1989-yilda V. G. Gorobetsning Moskva shahrida SSSR Fanlar akademiyasi I. P. Pavlov nomidagi institutda N. I. Chupikova bilan hammualliflikda ilmiy maqolasi chop etilgan. S. O. Obidjonova esa Ivanovo shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada “Nutq ontogenezida ona va xorijiy tilni o‘zlashtirishning psixolingvistik asoslari” mavzusida ma’ruza qilgan.
Kafedra talabalari ham ilmiy musobaqalarda faol ishtirok etib, 1978-yilda 2-o‘rin, 1988-yilda esa 1-o‘rinni egallagan. Ayrim talabalar respublika va ittifoq miqyosidagi faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan.
Kafedraga 1980-yillargacha A. Amanov, 1980–1994-yillarda M. Zufarova, 1994–1997-yillarda M. Qo‘chqorov, 1997–2004-yillarda D. M. Mirzajonova, 2004–2013-yillarda M. M. Umarova rahbarlik qilgan. 2013-yildan hozirga qadar kafedrani psixologiya fanlari nomzodi, professor D. A. Saliyeva boshqarib kelmoqda.
2015-yil mart oyida Pedagogika va psixologiya kafedrasi tashkil etilib, hozirda unda 21 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ulardan bir qismi psixologiya fanlari nomzodi va PhD darajasiga ega bo‘lib, qolganlari katta o‘qituvchi, o‘qituvchi va stajyor-o‘qituvchi lavozimlarida ishlaydi.
Bugungi kunda Psixologiya kafedrasi universitet nizomi asosida faoliyat yuritib, ta’lim, ilmiy-tadqiqot va metodik ishlarni izchil amalga oshirmoqda.
Kafedra missiyasi
Psixologiya kafedrasining missiyasi — zamonaviy bilim va kasbiy kompetensiyalarga ega, yuqori malakali psixolog mutaxassislarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda jamiyatda psixologik madaniyatni yuksaltirishga xizmat qilishdan iborat.
Kafedra ta’lim jarayonida innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy etish, talabalarning ilmiy-amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish va milliy hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratadi. Shuningdek, psixologiya fanini rivojlantirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish hamda ta’lim va ijtimoiy sohalarda psixologik xizmat sifatini takomillashtirishni maqsad qiladi.
Kafedra o'qituvchilari
Kafedra yutuqlari
Kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan jami 16 ta darslik, 10 ta o‘quv qo‘llanma va 8 ta monografiya tayyorlangan. Kafedraning institut Axborot-resurs markazi bilan hamkorlikda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining adabiyotlar bilan ta’minlanganlik holatini nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun xorijiy adabiyotlarni tarjima qilish hamda xorijiy olimlar bilan hamkorlikda o‘quv adabiyotlarini yaratish bo‘yicha reja ishlab chiqilgan bo‘lib, uni 2026-yil iyun oyida yakunlash ko‘zda tutilgan. Zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali ta’lim sifatini oshirish maqsadida kafedra professor-o‘qituvchilarining malaka oshirish jarayonlari rejali asosda tashkil etilgan va bugungi kunga qadar izchil davom ettirilmoqda.
Kafedrada faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yosh o‘qituvchilardan S. Omonova 2024-yil aprel oyida ilmiy tadqiqot ishini yakunlagan, D. Yulchiboyeva, N. Yunusaliyeva va N. Abdullayevalarning ilmiy-tadqiqot ishlari yakuniy bosqichda turibdi.
Kafedra professor-o‘qituvchilaridan D. Saliyeva va N. Jurayev 2024-yil avgust–sentyabr oylarida professorlik unvonini olgan bo‘lib, hozirda DSc ilmiy darajasi ustida izlanish olib bormoqdalar.
Kafedra o‘qituvchisi Sh. Ibragimova psixologiya fanlari nomzodi, professor D. A. Saliyeva rahbarligida “Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarda axloqiy ong va xulqiy fazilatlarni shakllantirishning psixologik xususiyatlari” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda. U bugungi kunga qadar mavzuga oid davlat siyosati, ilmiy adabiyotlar va nazariy manbalarni o‘rganib, maqola va tezislarini chop ettirib kelmoqda.
Kafedra o‘qituvchisi O. Rahmonova “Shaxsda kibr namoyon bo‘lishining psixologik xususiyatlari” mavzusida ilmiy izlanish olib bormoqda. U ham mavzuga oid ilmiy adabiyotlar va nazariyalarni o‘rganib, maqola va tezislarini nashr etib kelmoqda.
2025-yil 11–14-may kunlari Rossiya Federatsiyasi Ural davlat pedagogika universiteti Psixologiya instituti direktori Maksimova Lyudmila Aleksandrovna tomonidan bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari talabalari uchun 14 soatlik ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Ushbu tashrif davomida hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, 2025-yil 14–15-may kunlari kafedra tomonidan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. “Xalqaro tajribalar asosida psixologiya ilmining dolzarb muammolariga yechimlar” mavzusidagi ushbu anjuman yuqori saviyada, xalqaro ishtirokchilar ishtirokida o‘tkazildi.