Orqaga
Calendar icon

Oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul e’lon qilindi


Qo‘qon davlat universitetida 2027-yil uchun oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlariga qabul jarayonlari boshlandi.

Qo‘qon davlat universitetida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 2027-yil uchun stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (DSc) bosqichlariga hujjatlar qabul qilinadi.

Hujjatlar 2026-yil 15-sentyabrdan 15-oktyabrgacha daraja.ilmiy.uz elektron platformasi orqali qabul qilinadi.

Qabul kvotalari

Qo‘qon davlat universitetiga jami 21 ta ixtisoslik bo‘yicha 61 ta o‘rin ajratilgan:

🔹 Doktorantura (DSc) — 5 ta o‘rin;

🔹 Tayanch doktorantura (PhD) — 55 ta o‘rin;

🔹 Stajyor-tadqiqotchilik — 1 ta o‘rin.

Qabul quyidagi ixtisosliklar bo‘yicha amalga oshiriladi:

01.01.01 — Matematik analiz — 4 ta PhD;

01.01.05 — Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika — 2 ta PhD;

02.00.09 — Tovarlar kimyosi — 1 ta DSc, 3 ta PhD;

02.00.10 — Bioorganik kimyo — 1 ta DSc, 3 ta PhD;

02.00.11 — Kolloid va membrana kimyosi — 1 ta DSc, 3 ta PhD;

03.00.06 — Zoologiya — 4 ta PhD;

03.00.13 — Tuproqshunoslik — 3 ta PhD;

05.01.01 — Muhandislik geometriyasi va kompyuter grafikasi. Audio va videotexnologiyalari — 6 ta PhD;

05.02.07 — Mashinasozlik mashinalari, apparatlari, agregatlari va qurilmalari — 3 ta PhD;

05.05.04 — Sanoat issiqlik energetikasi — 4 ta PhD;

05.05.07 — Qishloq xo‘jaligida elektr texnologiyalar va elektr uskunalar — 4 ta PhD, 1 ta stajyor-tadqiqotchilik;

10.00.01 — O‘zbek tili — 1 ta DSc, 1 ta PhD;

10.00.06 — Qiyosiy adabiyotshunoslik va tarjimashunoslik — 1 ta PhD;

10.00.11 — Amaliy va kompyuter lingvistikasi — 2 ta PhD;

10.00.13 — Qiyosiy va chog‘ishtirma tilshunoslik — 2 ta PhD;

11.00.01 — Tabiiy geografiya — 2 ta PhD;

13.00.01 — Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi — 2 ta PhD;

13.00.02 — Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (sohalar bo‘yicha) — 1 ta DSc, 2 ta PhD;

13.00.06 — Raqamli ta’lim nazariyasi va metodikasi — 2 ta PhD;

13.00.07 — Ta’limda menejment — 1 ta PhD;

13.00.08 — Maktabgacha ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi — 1 ta PhD.

Talabgorlarga qo‘yiladigan talablar

Stajyor-tadqiqotchilik uchun magistr darajasi, tibbiyot fanlari bo‘yicha klinik ordinaturani tugatganlik yoki oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom talab etiladi.

Tayanch doktorantura (PhD) uchun magistr darajasi yoki unga tenglashtirilgan diplom, shuningdek, ilmiy jurnallarda chop etilgan kamida 1 ta ilmiy maqola va ilmiy ishlar to‘plamlarida nashr etilgan kamida 2 ta ma’ruza tezisi talab qilinadi.

Doktorantura (DSc) uchun fan nomzodi yoki PhD ilmiy darajasi, shuningdek, mazkur ilmiy daraja olinganidan keyin chop etilgan kamida 3 ta ilmiy maqola va 2 ta tezis mavjud bo‘lishi lozim.

Doktorantura talabgorlari qo‘shimcha ravishda tadqiqot mavzusi bo‘yicha ilmiy ma’ruza hamda doktorlik dissertatsiyasi rejasining mufassal loyihasini taqdim etadilar.

Prezident davlat stipendiyasi sohiblari tegishli hujjat nusxasini ilova qiladilar.

Ustuvor ixtisosliklar bo‘yicha muhim yangilik

Ustuvor ixtisosliklarga hujjat topshirgan talabgorlar uchun kirish imtihoni shakliga o‘zgartirish kiritilmoqda. Bunda ixtisoslik fanidan imtihon o‘rniga ilmiy tadqiqot ishi taqdimoti qabul qilinishi belgilanmoqda.

Taqdimot hujjatlar bilan birga elektron platformaga yuklanadi. Unda tanlangan mavzuning dolzarbligi, uning ilm-fan uchun zarurati, ilmiy ishning maqsad va vazifalari hamda kutilayotgan ilmiy natijaning ahamiyati asoslab berilishi lozim.

Nashr ishlari bo‘yicha muhim talab

PhD darajasiga talabgorlar tanlangan mavzu yoki ixtisoslik bo‘yicha kamida 1 ta ilmiy maqola va 2 ta tezisga ega bo‘lishlari shart.

Belgilangan minimal talablarning barchasi to‘liq bajarilishi lozim. Masalan, talabgorda 4 ta ilmiy maqola mavjud bo‘lib, 1 ta tezis mavjud bo‘lmasa, hujjatlar qabul qilinmasligi mumkin.

Shuningdek, maqola va tezislarning elektron nashrdagi URL manzillari mavjud bo‘lishi tavsiya etiladi.

Kirish imtihonlari va suhbatlar

Kirish imtihonlari va suhbatlar 2026-yil 1–25-noyabr kunlari o‘tkaziladi.

Stajyor-tadqiqotchilik va doktorantura (DSc) bo‘yicha talabgorlar uchun ixtisoslik fanidan suhbat o‘tkaziladi.