Qo‘shma ta’lim dasturlarini tamomlagan magistrlarga ham diplomlar topshirildi
Qo‘qon davlat universitetida qo‘shma ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan magistrlarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda xorijiy hamkor oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan ta’lim dasturlarini yakunlagan bitiruvchilarga magistr darajasini tasdiqlovchi diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
Marosimda qo‘shma ta’lim dasturlarining xalqaro tajribani ta’lim jarayoniga tatbiq etish, talabalarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Grodno davlat universiteti bilan hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturi doirasida Psixologiya mutaxassisligi bo‘yicha 13 nafar magistr muvaffaqiyatli tahsilni tamomladi.
Bitiruvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari, ilmiy izlanishlari va yakuniy attestatsiya natijalari yuqori baholandi. Quvonarlisi, mazkur mutaxassislikni tamomlagan 4 nafar bitiruvchi imtiyozli diplom sohibiga aylandi.
Universitetning Yevropa amaliy fanlar va menejment instituti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan qo‘shma ta’lim dasturi doirasida Ta’limda axborot texnologiyalari hamda Ta’limda sun’iy intellekt mutaxassisliklari bo‘yicha ham magistrlar o‘qishni muvaffaqiyatli yakunladi. Mazkur dasturlarni jami 3 nafar magistr tamomladi. Bitiruvchilar orasida 1 nafar magistr imtiyozli diplom bilan taqdirlandi.
Bugungi kunda ta’lim tizimida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan samarali foydalanish bo‘yicha malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Shu jihatdan mazkur qo‘shma ta’lim dasturlari zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, xalqaro tajribani amaliyotga tatbiq eta oladigan mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qo‘qon davlat universitetining xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘ygan qo‘shma ta’lim dasturlari talabalarga ikki tomonlama akademik tajribadan foydalanish, zamonaviy ta’lim metodikalarini o‘zlashtirish va xalqaro ta’lim muhiti bilan yaqindan tanishish imkonini bermoqda.
Ayniqsa, psixologiya, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt kabi istiqbolli yo‘nalishlarda xalqaro hamkorlik asosida mutaxassislar tayyorlanayotgani universitetning ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy kasblarga yo‘naltirilgan kadrlar tayyorlash hamda xalqaro akademik aloqalarni kengaytirish borasidagi izchil sa’y-harakatlarining amaliy ifodasidir.
Diplom topshirish marosimida bitiruvchilarga kelgusidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilanib, ular egallagan bilim va ko‘nikmalarni jamiyat taraqqiyoti, ta’lim va boshqa sohalar rivojiga yo‘naltirishlari muhimligi qayd etildi.