Orqaga
Calendar icon

Qoʻqon davlat universiteti talabasi Xumorabonu Mamajonova — Osiyo chempioni!


Qoʻqon davlat universiteti talabasi, Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Xumorabonu Mamajonova Indoneziyaning Jakarta shahrida oʻtkazilgan U23 yosh toifasidagi Osiyo chempionatida yuksak natija qayd etdi.

-57 kg vazn toifasida ishtirok etgan Xumorabonu Mamajonova hal qiluvchi final jangda qozogʻistonlik Uljan Sarsenbekka qarshi maydonga chiqdi. Qiziqarli va murosasiz kechgan bahsda vakilamiz murabbiylar tomonidan belgilangan taktikani mohirona qoʻllab, raqibini 4:1 hisobida magʻlub etdi va U23 yosh toifasida Osiyo chempioni unvonini qoʻlga kiritdi.

Xumorabonuning ushbu gʻalabasi Qoʻqon davlat universiteti jamoasi uchun ham katta quvonch va faxr bagʻishladi. Uning xalqaro maydondagi muvaffaqiyati universitet talabalari orasida sportga boʻlgan qiziqishni yanada oshirish, yoshlarning iqtidori va salohiyatini namoyon etishi uchun muhim ragʻbatdir.

Qayd etish joiz, Oʻzbekiston terma jamoasi U19 va U23 yosh toifalaridagi Osiyo chempionatida munosib ishtirok etdi. Ayniqsa, qizlarimiz musobaqani yuqori natijalar bilan yakunlab, U23 toifasida 6 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza, U19 toifasida esa 4 ta oltin va 2 ta kumush medalini qoʻlga kiritdi.

Xumorabonu Mamajonovani ushbu yuksak gʻalaba bilan samimiy muborakbod etamiz! Yangi zafarlar va ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!