Qo‘qon davlat universitetida dual ta’lim qamrovi kengaytirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2026/2027-o‘quv yilida davlat oliy ta’lim tashkilotlarida 3-kurs talabalarining kamida yarmini, 4-kurs talabalarining esa barchasini dual ta’limga jalb etish vazifasi belgilangan.
Mazkur vazifaning ijrosini ta’minlash maqsadida Qo‘qon davlat universitetida tegishli ta’lim yo‘nalishlaridan kelib chiqib, 3-kurs talabalarining 100 foizi hamda 4-kursning tegishli yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarni dual ta’limning “4+2” tizimi asosida o‘qitishga o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda.
Talabalarning amaliyotini samarali tashkil etish va nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash maqsadida “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi. Mazkur hamkorlik doirasida talabalar Farg‘ona viloyatining tuman va shaharlaridagi hududiy elektr tarmoqlari korxonalarida dual ta’lim asosida amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Dual ta’limga qamrab olinayotgan yo‘nalishlar:
3-kurs:
- 60710400 — Energetika muhandisligi (elektr ta’minoti) — 6 nafar talaba;
- 60710700 — Elektronika va asbobsozlik — 4 nafar talaba;
- 60710500 — Elektr muhandisligi (elektr mashinalari va elektr apparatlari) — 9 nafar talaba.
4-kurs:
- 60710700 — Elektr texnikasi, elektr mexanikasi va elektr texnologiyalari (elektr mashinasozlik) — 12 nafar talaba.
Mazkur hamkorlik talabalarni ishlab chiqarish jarayonlariga bevosita jalb etish, ularning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.