“Dolzarb 90 kun”: Qoʻqon mahallalarida sport musobaqalariga start berildi
Qoʻqon davlat universiteti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Qoʻqon shahridagi 68 ta mahalla yoshlari oʻrtasida sport musobaqalariga tantanali start berildi. Joriy yilning 20-iyulidan 23-avgustiga qadar davom etadigan mazkur musobaqalar yoshlarning yozgi taʼtil davrini mazmunli tashkil etish, ularni ommaviy sportga keng jalb etish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish hamda boʻsh vaqtini samarali oʻtkazishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida sportning shaxmat va shashka, voleybol, basketbol (3×3), regbi-7, kibersport (FCH 26 va Just Danche), stol tennisi, armrestling hamda yengil atletika kabi sakkiz turi boʻyicha musobaqalar tashkil etilmoqda. Bellashuvlarda shahar mahallalarida istiqomat qilayotgan yoshlar oʻzaro kuch sinashib, sportdagi mahorati va gʻalabaga boʻlgan intilishini namoyon etmoqda.
Musobaqalarning asosiy maqsadi yoshlarning sportga boʻlgan qiziqishini yanada oshirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, hamjihatlikni mustahkamlash, shuningdek, ularni giyohvandlik, narkomaniya va boshqa zararli illatlardan asrash, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdan iborat.
Belgilangan jadvalga muvofiq musobaqalarning birinchi kun bahslari bir nechta sport maskanlarida tashkil etildi. Jumladan, kibersport (FCH 26 va Just Danche) boʻyicha bellashuvlar Qoʻqon davlat universitetining Sanʼat va sport fakultetida, basketbol (3×3) musobaqalari Qoʻqon shahar 2-son sport maktabida, stol tennisi bahslari Qoʻqon shahar 1-son sport maktabida, yengil atletika musobaqalari esa Qoʻqon davlat universitetining “Yoshlik” stadionida oʻtkazildi.
Musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrildi. Sport inshootlari belgilangan talablar asosida tayyor holatga keltirilib, hakamlar hayʼati va tashkiliy guruhlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ishtirokchilarni roʻyxatdan oʻtkazish, bellashuvlarni nizom talablari asosida oʻtkazish hamda xavfsizlik choralarini taʼminlash ishlari amalga oshirildi.
Kunning birinchi yarimida 14 ta mahalladan jami 34 nafar yosh ishtirok etdi. Unda yoshlar yuqori sport tayyorgarligi, gʻalabaga intilish va oʻz mahallasi shaʼnini munosib himoya qilish yoʻlida faol ishtirok etmoqda.
“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasidagi sport musobaqalari davom etadi. Mazkur loyiha yoshlarning salomatligini mustahkamlash, ularning sportga boʻlgan qiziqishini oshirish, isteʼdodlarini yuzaga chiqarish hamda mahallalarda sogʻlom raqobat, doʻstlik va hamjihatlik muhitini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.