Xalqaro ekspertlar ishtirokida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish kurslari o‘tkazilmoqda
Qo‘qon davlat universitetida professor-o‘qituvchilar va ilmiy tadqiqotchilarning innovatsion faoliyatini rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda ularni iqtisodiyot tarmoqlari bilan integratsiyalashga qaratilgan xalqaro o‘quv-trening kurslari o‘z ishini boshladi. Joriy yilning 1–6-iyun kunlari davom etadigan “Oliy ta’lim muassasalarida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishni tashkil etish va boshqarish” mavzusidagi mazkur treninglar zamonaviy ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va universitetlarning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Trening mashg‘ulotlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida Qo‘qon davlat universitetining Qozogʻistondagi hamkor oliy ta’lim muassasalaridan biri — K. I. Satbayev universiteti mutaxassislari jalb etildi. Xususan, texnika fanlari nomzodi Akmaral Daurenbekova, universitet bosh menejeri Zafar Maxamatiyev hamda patentshunos Asel Nurmaxanova treninglarda ekspert va ma’ruzachi sifatida ishtirok etmoqda. Ular tomonidan ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishning zamonaviy mexanizmlari, xalqaro tajribalar hamda innovatsion boshqaruv usullari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berilmoqda.
O‘quv-trening dasturi doirasida ilmiy tadqiqot natijalarini tijoratlashtirishning huquqiy va tashkiliy asoslari, innovatsion loyihalarni samarali boshqarish, startap tashabbuslarini rivojlantirish, intellektual mulkni himoya qilish, patent olish tartiblari hamda texnologiyalar transferi kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Shuningdek, universitet va biznes subyektlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy ishlanmalarning bozorga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar innovatsion mahsulotlarni tijoratlashtirish jarayonida uchraydigan muammolar, ularni bartaraf etish yo‘llari, xalqaro grantlar va investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlari bo‘yicha ham amaliy tavsiyalar olishmoqda. Treninglar interaktiv shaklda tashkil etilib, unda ochiq muloqotlar, taqdimotlar, amaliy кейсlar tahlili hamda tajriba almashish jarayonlari olib borilmoqda.
Mazkur xalqaro o‘quv-trening kurslari professor-o‘qituvchilarning ilmiy va innovatsion salohiyatini yanada oshirish, ilmiy g‘oya va ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish, universitetda innovatsion ekotizimni shakllantirish hamda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, ushbu tashabbus oliy ta’lim muassasalarida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish tizimini rivojlantirish, ilmiy faoliyatning iqtisodiy samaradorligini oshirish hamda raqobatbardosh innovatsion mahsulotlar yaratishga xizmat qilishi bilan e’tiborlidir.
Trening yakunida faol ishtirok etgan professor-o‘qituvchilar va tinglovchilarga maxsus sertifikatlar topshirilishi rejalashtirilgan.