Qoʻqon davlat universitetida zamonaviy tibbiyot fakulteti va klinika tashkil etiladi
Fargʻona vodiysida tibbiy taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiquvchi yirik xalqaro loyihaga amalga oshirilishi kutilmoqda.
Qoʻqon davlat universiteti rektori Dilnoza Xodjayeva boshchiligidagi delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi doirasida oliy taʼlim muassasasi tarixida yangi sahifa ochadigan muhim kelishuvlarga erishildi. Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari dunyoning nufuzli tibbiyot majmualaridan biri sanalgan “Xi'an International Medical Center Hospital” rahbariyati bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Uchrashuv yakunlariga koʻra, Qoʻqon davlat universiteti uchun strategik hamda tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan oʻzaro hamkorlik kelishuvlariga erishildi. Mazkur kelishuvga muvofiq, Xitoyning ushbu gigant tibbiyot markazi Qoʻqon davlat universitetida tibbiy taʼlimni yoʻlga qoʻyish va infratuzilmani rivojlantirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri koʻmak beradi. Hamkorlik loyihasi doirasida universitet tarkibida xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan zamonaviy Tibbiyot fakulteti tashkil etiladi.
Shuningdek, loyihaning eng muhim bosqichlaridan biri sifatida fakultet uchun ilgʻor meʼmorchilik yechimlariga ega boʻlgan alohida kampus hamda aholiga yuqori texnologik xizmat koʻrsatuvchi zamonaviy universitet klinikasi bunyod etiladi. Mazkur laboratoriya majmualari va klinika dunyoning eng soʻnggi rusumdagi tibbiy uskunalari hamda innovatsion texnologiyalari bilan jihozlanishi koʻzda tutilgan. Kelishuvning yana bir ustuvor yoʻnalishi — tibbiyot sohasidagi mahalliy kadrlar malakasini uzluksiz oshirib borish, shifokor va professor-oʻqituvchilarni tizimli oʻqitish hamda ularga xalqaro darajadagi sertifikatlar berish tizimini joriy etishdan iborat.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, “Xi'an International Medical Center” — yaxlit bir kompleks ichida joylashgan boʻlib, sigʻimi va quvvati boʻyicha dunyodagi eng yirik TOP-5 klinikalardan biri hisoblanadi. Mazkur tibbiyot markazi AQShning mashhur “Mayo Clinic” tarmogʻi bilan rasmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻygan hamda tibbiyot sohasidagi nufuzli xalqaro JCI (Joint Commission International) sifat standartiga ega.
Universitet va butun Fargʻona vodiysi hududi uchun ulkan ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan ushbu strategik loyihani amalga oshirish ishlariga tez fursatlarda start berilishi rejalashtirilgan.