Orqaga
Calendar icon

Zamonaviy dron laboratoriyasidan qoʻshma taʼlim dasturlarigacha

Bugungi kunda mamlakatimiz oliy taʼlim tizimida xalqaro aloqalarni tubdan kengaytirish, xorijning ilgʻor tajribalarini oʻquv jarayoniga integratsiya qilish hamda mehnat bozori uchun raqobatbardosh, yuqori malakali muhandis kadrlarni tayyorlash ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Ushbu tizimli islohotlarning amaliy isboti oʻlaroq, Qoʻqon davlat universiteti dunyoning nufuzli ilmiy va taʼlim muassasalari bilan oʻzaro manfaatli, strategik hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Ayni kunlarda Qoʻqon davlat universiteti rektori, professor Dilnoza Xodjayeva boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib turibdi. Mazkur samarali tashrif doirasida Xitoyning aviatsiya hamda muhandislik sohasida yetakchi taʼlim muassasalaridan biri hisoblangan Sian aviatsiya kasb-texnika instituti (XAPI) rahbariyati va yetakchi mutaxassislari bilan kengaytirilgan tarkibda uchrashuv oʻtkazildi. Doʻstona, samimiy va oʻzaro konstruktiv ruhda kechgan dastlabki muzokaralarda global taʼlim standartlariga mos keluvchi yangi yoʻnalishlarni ochish, qoʻshma dasturlarni yoʻlga qoʻyish hamda ilm-fan sohasida integratsiyani chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida tomonlar oliy taʼlim sifati hamda jozibadorligini oshirishga bevosita xizmat qiladigan bir qator istiqbolli va yirik loyihalar ustida toʻxtalib oʻtdilar. Muzokaralar yakunida erishilgan dastlabki kelishuvlarga koʻra, zamonaviy iqtisodiyot uchun gʻoyat zarur boʻlgan transport muhandisligi yoʻnalishi boʻyicha “2+2” qoʻshma taʼlim dasturini taʼsis etish belgilandi. Mazkur xalqaro dasturga koʻra, talabalar tahsilning dastlabki ikki yilini Qoʻqon davlat universitetida, qolgan ikki yillik bosqichini esa bevosita Xitoyda davom ettirib, yakunda har ikki oliy liy muassasaning diplomiga ega boʻlishadi. Ushbu loyihani 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab toʻliq amaliyotga tatbiq etish rejalashtirildi.

Shu bilan birga, muzokaralarning eng muhim natijalaridan biri sifatida, Qoʻqon davlat universitetida eng soʻnggi texnologik ishlanmalar va moddiy-texnik baza bilan jihozlangan zamonaviy dron (uchuvchisiz uchish apparatlari) laboratoriyasini tashkil etish loyihasi maʼqullandi. Ushbu laboratoriya nafaqat talabalarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, balki qishloq xoʻjaligi, transport, geodeziya va boshqa sohalar uchun uchuvchisiz apparatlarni boshqarish hamda ularga texnik xizmat koʻrsatish sirlarini mukammal egallagan kadrlarni tayyorlashda bosh poligon vazifasini oʻtaydi. Loyiha doirasida, shuningdek, ikki muassasa oʻrtasida keng qamrovli akademik almashinuv dasturlari ham yoʻlga qoʻyiladigan boʻldi. Unga koʻra, qisqa va uzoq muddatli dasturlar asosida nafaqat talabalarning, balki professor-oʻqituvchilarning ham Xitoyda malaka oshirishi, oʻzaro tajriba almashishi hamda qoʻshma ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishi taʼminlanadi.

Ayni paytda mazkur masalalar boʻyicha dastlabki muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanib, oʻzaro hamkorlikning poydevori qoʻyildi. Jarayonlarning mantiqiy davomi hamda eng hal qiluvchi ikkinchi qismi shu yilning iyun oyida bevosita Qoʻqon davlat universitetida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Mazkur uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni huquqiy jihatdan mustahkamlovchi yakuniy shartnomalarni imzolash maqsadida Sian aviatsiya kasb-texnika institutining (XAPI) delegatsiyasi Qoʻqon shahriga rasmiy tashrif buyuradi. Ushbu xalqaro hamkorlik aloqalari muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish gʻoyasiga hamohang boʻlib, kelajakda yurtimiz taraqqiyoti uchun yuqori intellektual salohiyatga ega muhandis kadrlar tayyorlash sifatini mutlaqo yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilishi shubhasizdir.