Qo‘qon davlat universiteti xalqaro IT forumda faol ishtirok etdi
Latviyaning Ventspils University of Applied Sciences tomonidan tashkil etilgan “CoLab Kurzeme Business Forum: Challenges of the IT Sector in the Age of Artificial Intelligence” mavzusidagi xalqaro forum doirasida sun’iy intellekt davrida IT sohasi oldida turgan dolzarb muammolar va istiqbolli yechimlarga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Forum 2026-yil 20–22-may kunlari Latviyaning Ventspils shahrida COLOURS European University Alliance doirasida tashkil etildi.
Mazkur xalqaro anjumanda Qo‘qon davlat universiteti vakillari ham faol ishtirok etib, raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt texnologiyalarini ta’lim jarayoniga integratsiya qilish, IT sohasida kadrlar tayyorlashning zamonaviy mexanizmlari hamda universitet va biznes hamkorligini rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘z ma’ruzalari va takliflarini taqdim etdilar.
Konferensiya davomida sun’iy intellektning mehnat bozori va ta’lim tizimiga ta’siri, IT sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash, kiberxavfsizlik, hududlarda IT-ekotizimni rivojlantirish hamda universitetlararo innovatsion hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida Qo‘qon davlat universiteti hamda xalqaro hamkor oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida raqamli ta’lim, sun’iy intellekt, startap loyihalar va akademik almashinuv yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, forumning amaliy sessiyalarida talabalar, tadqiqotchilar, IT sohasi mutaxassislari hamda biznes vakillari ishtirokida sun’iy intellekt asosidagi innovatsion loyihalar, zamonaviy texnologik yechimlar va istiqbolli startap tashabbuslari taqdimoti tashkil etildi.
Mazkur xalqaro konferensiya Qo‘qon davlat universitetining xalqaro akademik hamkorlik geografiyasini kengaytirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda universitetning xalqaro ilmiy-ta’limiy integratsiyasini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.