Qo‘qon davlat universitetining ta’lim salohiyati xalqaro maydonda namoyish etilmoqda
Xitoy Xalq Respublikasining qadimiy Sian (Xi’an) shahrida bo‘lib o‘tayotgan uchinchi “Xitoy–O‘zbekiston hududlararo hamkorlik” xalqaro forumi doirasida tashkil etilgan “Study in Uzbekistan” milliy ta’lim ko‘rgazmasida Qo‘qon davlat universitetining ta’lim imkoniyatlari, ilmiy salohiyati hamda xalqaro hamkorlikdagi yutuqlari keng targ‘ib qilinmoqda.
Mazkur xalqaro forum O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash, xususan, oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim platforma vazifasini o‘tamoqda. Forum doirasida tashkil etilgan “Study in Uzbekistan” milliy ko‘rgazmasida mamlakatimizning oliy ta’lim muassasalari qatori Qo‘qon davlat universiteti ham o‘zining ta’lim va ilmiy imkoniyatlari bilan faol ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma davomida xorijiy hamkorlar, ta’lim muassasalari vakillari hamda yoshlar e’tiboriga universitetda mavjud zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari, innovatsion o‘quv dasturlari, xalqaro grant va almashinuv dasturlari, ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda xorijiy talabalar uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etilmoqda.
Shuningdek, universitetning xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘ygan hamkorlik aloqalari, qo‘shma ta’lim dasturlari, akademik mobillik loyihalari hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi borasidagi ishlari forum ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ayniqsa, Qo‘qon davlat universitetida zamonaviy laboratoriyalar, raqamli ta’lim muhiti, talabalar turar joylari hamda yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar keng namoyish etilmoqda.
Mazkur xalqaro forumda Qo‘qon davlat universitetidan Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Nodira Begmatova hamda Qo‘shma ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Shahnoza Qarshiyevalar ishtirok etmoqda. Ular forum doirasida Xitoyning qator oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari, qo‘shma loyihalar va akademik almashinuv masalalari yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari barcha sohalar qatori ta’lim yo‘nalishida ham izchil rivojlanib bormoqda. Bu esa ikki davlat yoshlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, xalqaro ta’lim integratsiyasini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Qo‘qon davlat universitetining nufuzli xalqaro forumdagi faol ishtiroki oliygohning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirish, xorijiy talabalarni jalb etish hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.