Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi
Qo‘qon davlat universitetida 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy, badiiy tadbirlar hamda vatanparvarlik aksiyalari yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbirlar davomida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari hamda yurt tinchligi va xalq farovonligi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan insonlar xotirasi chuqur ehtirom bilan yodga olindi.
Universitet hududida “Sharaf lentalari”ni tarqatish bo‘yicha o‘tkazilgan vatanparvarlik aksiyasi esa talaba-yoshlar qalbida ajdodlar jasoratiga hurmat, tinchlikka sadoqat va Vatanga muhabbat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Tadbirlar silsilasini Pedagogika va psixologiya fakulteti boshlab berdi. Fakultetda tashkil etilgan uchrashuvda universitetda uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan faxriy ustozlar ishtirok etdilar. Ularning hayot yo‘li, mehnat faoliyati va yoshlar tarbiyasiga qo‘shgan hissasi haqida samimiy suhbatlar olib borildi. Talabalar faxriylarning hayotiy tajribalaridan ruhlanib, ularga chuqur hurmat bajo keltirdilar.
Gumanitar fanlar va tillar fakultetida “Xotira aziz, qadr muqaddas” mavzusidagi badiiy kecha ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Tadbir davomida ajdodlarimizning ozodlik va tinchlik yo‘lidagi jasorati she’riy kompozitsiyalar, sahna ko‘rinishlari hamda badiiy chiqishlar orqali yuksak mahorat bilan namoyish etildi. Talabalar ijrosidagi ta’sirchan chiqishlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Boshlang‘ich va texnologik ta’lim fakulteti talabalari esa urush yillaridagi front orti mehnatkashlarining matonati, o‘zbek xalqining bag‘rikengligi va insonparvarligini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari bilan ishtirok etdilar. Ushbu chiqishlar nafaqat tarixiy voqealarni yodga soldi, balki bo‘lajak pedagoglar uchun yosh avlod qalbiga vatanparvarlik va insoniylik tuyg‘ularini singdirish borasida muhim amaliy tajriba vazifasini ham o‘tadi.
Universitet miqyosida tashkil etilgan ushbu tadbirlarning barchasi yagona ezgu maqsad — ajdodlar xotirasiga hurmat bajo keltirish, bugungi tinch va osoyishta hayotimizning qadriga yetish hamda yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi. Mazkur ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar talaba-yoshlarni milliy g‘ururi yuksak, tarixiy merosga sodiq va yurt taqdiriga daxldor insonlar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.