Orqaga
Calendar icon

Raqamlashtirish va xavfsizlik infratuzilmasini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi

Qo‘qon shahrida tarmoq sohalarini raqamlashtirish, yashirin iqtisodiyotga barham berish hamda “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini izchil joriy etish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida mas’ul tashkilotlar tomonidan amaliy o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Mazkur topshiriqlar ijrosini o‘rganish doirasida prokuratura organlari xodimlari va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas'ullari Qo‘qon davlat universitetida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, talabalar va xodimlarning kirib-chiqishini nazorat qilishga mo‘ljallangan Face ID identifikatsiya tizimi hamda elektron turniketlarni joriy etish ishlari ko‘zdan kechirildi.

O‘rganish davomida universitetda raqamli boshqaruv infratuzilmasini yanada takomillashtirish, xavfsizlik tizimlarini kuchaytirish, zamonaviy nazorat va monitoring mexanizmlarini to‘liq joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar va amaliy tavsiyalar berildi.

Ta’kidlanganidek, Qo‘qon shahrida barcha yo‘nalishlarda raqamlashtirish jarayonlarini tizimli tashkil etish, jamoat xavfsizligini mustahkamlash hamda ilg‘or boshqaruv tajribalarini joriy etish orqali hududni namunali modelga aylantirish ko‘zda tutilgan.