Orqaga
Calendar icon

Qo‘qon davlat universitetida xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi

2026-yil 6-may kuni Qo‘qon davlat universitetida o‘zbek tilshunosligi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan yirik olim, professor Inomjon Rasulov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan “Filologiya va uni o‘qitish: muammolar va innovatsion yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman mamlakatimiz hamda xorijiy davlatlar ilmiy jamoatchiligi e’tiborini bir nuqtaga jamlab, filologiya sohasidagi dolzarb muammolar va istiqbolli yechimlarni muhokama etish maydoniga aylandi.

 Universitetning Gumanitar fanlar va tillar fakulteti tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston va Turkiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari olimlari, tajribali filologlar, yosh tadqiqotchilar hamda magistrantlar ishtirok etdi. Xalqaro maqomga ega bo‘lgan anjuman turli ilmiy maktablar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va yangi ilmiy yondashuvlarni ilgari surishda muhim platforma vazifasini o‘tadi.

 Anjumanda so‘zga chiqqanlar professor Inomjon Rasulovning o‘zbek tilshunosligi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, ilmiy maktab yaratishdagi o‘rni hamda ko‘plab yetuk mutaxassislar tayyorlashdagi xizmatlarini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, olim merosi bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganini, ayniqsa, til madaniyati va stilistika sohalarida muhim nazariy asos bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etildi.

 Yalpi majlis davomida xorijiy va mahalliy olimlar tomonidan qator dolzarb ma’ruzalar tinglandi. Xususan, Ataturk universiteti professori Huseyin Baydemir hamda Ege universiteti professori Ibrahim Shahin turkiy dunyoda terminologiya masalalari va tarixiy til qatlamlari yuzasidan muhim fikr-mulohazalarini bildirdilar. Ularning ma’ruzalari til taraqqiyoti va ilmiy integratsiya jarayonlarini yangi nuqtai nazardan yoritib berdi.

 Mahalliy olimlardan professorlar Nosirjon Uluqov, Sharifaxon Iskandarova professor Zuhra Akbarova va Dilora Nabiyeva Inomjon Rasulovning ilmiy merosini chuqur tahlil qilib, uning stilistik qarashlari, til madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi hamda “til ilmining zargari” sifatidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdilar. Mazkur chiqishlar orqali olimning ilmiy maktabi va uning davomchilari faoliyati yana bir bor e’tirof etildi.

 11 ta asosiy ma’ruza tinglanganidan so‘ng, anjuman o‘z ishini sho‘balarda davom ettirdi. Sho‘ba yig‘ilishlarida filologiya fanining zamonaviy muammolari, xususan, til o‘qitishda innovatsion metodlardan foydalanish, raqamli texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish, lingvistik tadqiqotlarda yangi yondashuvlarni qo‘llash kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

 Ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar ilmiy hamkorlikni kengaytirish, o‘quv jarayonini takomillashtirish hamda yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar asosida til o‘rgatish metodikasini rivojlantirish bugungi kunning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etildi.

 Tadbir davomida ilgari surilgan ilmiy g‘oyalar, taklif va tavsiyalar asosida maxsus ilmiy maqolalar to‘plamini chop etish rejalashtirildi. Bu esa anjuman natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish, ilmiy izlanishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

 O‘tkazilgan mazkur xalqaro anjuman nafaqat atoqli olim xotirasini yod etish, balki zamonaviy filologiya rivoji uchun muhim ilmiy platforma yaratdi.