Orqaga
Calendar icon

Xorijiy tajriba – ta’lim sifatini oshirish omili


Qo‘qon davlat universitetida turkiyalik professor ishtirokida mahorat darslari boshlandi

2026-yil 4-may kuni Qo‘qon davlat universitetiga xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish hamda talabalar bilim va ko‘nikmalarini zamonaviy talablar asosida boyitish maqsadida Turkiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Atatürk University professori, filologiya fanlari doktori Baydemir Husayin universitet mehmoni sifatida tashrif buyurdi.

Professor Baydemir Husayinning tashrifi filologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun ham katta ilmiy va amaliy ahamiyat kasb etmoqda. Tashrif dasturiga muvofiq, mehmon professor O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasida mavjud o‘quv yuklamasi doirasida “O‘zbek tili va adabiyoti” ta’lim yo‘nalishining 3-bosqich talabalari uchun “Ifodali o‘qish va nutq madaniyati” fanidan jami 20 soatlik ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar olib boradi.

Mashg‘ulotlar davomida talabalar nutq madaniyatining nazariy asoslari bilan bir qatorda, ifodali o‘qish texnikalari, to‘g‘ri talaffuz, ovoz ustida ishlash, matnni tinglovchiga ta’sirchan yetkazish usullari kabi muhim jihatlar bo‘yicha chuqur bilimlarga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, professor tomonidan xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgan innovatsion metodlar qo‘llanilayotgani darslarning samaradorligini yanada oshirmoqda.

Alohida ta’kidlash joizki, bunday xalqaro hamkorlik tashriflari talabalarda nafaqat nazariy bilimlarni mustahkamlash, balki amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish, mustaqil fikrlash va erkin nutq so‘zlash madaniyatini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Shu bilan birga, turli mamlakatlar ilmiy maktablari o‘rtasida tajriba almashish, o‘qitish metodikasini takomillashtirish hamda ilmiy aloqalarni kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Professor Baydemir Husayinning mahorat darslari talabalar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinmoqda. Mashg‘ulotlar jarayonida talabalarning faolligi, savol-javoblarda faol ishtiroki hamda o‘z ustida ishlashga bo‘lgan intilishi darslarning jonli va samarali o‘tishiga xizmat qilmoqda.

Mazkur tashrif Qo‘qon davlat universitetida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish hamda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning yana bir yorqin ifodasi sifatida e’tirof etilmoqda.

Shubhasiz, bunday ilmiy-amaliy uchrashuvlar va mahorat darslari kelgusida ham davom ettirilib, universitetning xalqaro nufuzi va ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.