Orqaga
Calendar icon

“Ta’limni raqamlashtirishning psixologik jihatlari” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi

Rossiya davlat pedagogika universiteti (A.I. Gertsen nomidagi) hamda Qo‘qon davlat universiteti hamkorligida “Ta’limni raqamlashtirishning psixologik jihatlari” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Onlayn (Zoom) formatida tashkil etilgan mazkur anjuman ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikning navbatdagi samarali natijasi bo‘ldi.

Davra suhbatida ta’lim jarayonini raqamlashtirish sharoitida yuzaga kelayotgan psixologik omillar, o‘qituvchi va talabalarning moslashuv jarayoni, raqamli muhitning shaxs rivojiga ta’siri, shuningdek, zamonaviy pedagogik texnologiyalarning afzallik va muammolari atroflicha muhokama qilindi.

Ishtirokchilar ta’limda sun’iy intellekt va raqamli platformalardan foydalanish jarayonida psixologik xavfsizlikni ta’minlash, motivatsiyani oshirish hamda samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Shuningdek, talabalarning diqqatini jamlash, mustaqil ta’lim ko‘nikmalarini shakllantirish va masofaviy o‘qitish sharoitida emotsional barqarorlikni saqlash bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar bildirildi.

Xalqaro davra suhbati ochiq muloqot va tajriba almashish ruhida o‘tdi. Unda ikki universitet professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar va yosh olimlar faol ishtirok etdilar.

Mazkur tadbir ta’limni raqamlashtirish jarayonida psixologik yondashuvlarning ahamiyatini yanada chuqurroq anglash, ilmiy hamkorlikni mustahkamlash hamda zamonaviy ta’lim muhitini takomillashtirishga xizmat qildi.