Umumiy ma’naviy qadriyatlar va musiqa: xalqaro ilmiy muloqot
Qo‘qon davlat universiteti Musiqa nazariyasi kafedrasi tashabbusi bilan professor-o‘qituvchilar hamda magistratura talabalari uchun xalqaro vebinar tashkil etildi. “Umumiy milliy-ma’naviy qadriyatlar va musiqaning O‘zbekiston–Ozarbayjon ijtimoiy-madaniy munosabatlaridagi roli” mavzusiga bag‘ishlangan mazkur onlayn anjuman ikki qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni ilmiy asosda tahlil qilish va tajriba almashish maydoniga aylandi.
Vebinarda Ozarbayjon Respublikasi UNEC — Iqtisodiyot universiteti San’atshunoslik fanlari doktori, Space TV telekanalining “Xəzərin sahilindən…” dasturi rahbari, muallifi va boshlovchisi Fəxriyyə Lilpar İsayeva ma’ruza qildi. Mehmon o‘z chiqishida O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining tarixiy yaqinligi, mushtarak ma’naviy ildizlari, milliy musiqa an’analari hamda san’atning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida atroflicha fikr yuritdi.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, musiqa — bu nafaqat estetik zavq manbai, balki xalqlarni birlashtiruvchi, tarixiy xotirani asrab-avaylovchi va madaniy muloqotni mustahkamlovchi kuchli ijtimoiy omildir. Xususan, o‘zbek maqom san’ati va ozarbayjon mug‘om an’analari o‘rtasidagi uyg‘unlik, folklor namunalari, bastakorlik maktablari va zamonaviy musiqiy jarayonlardagi o‘xshashliklar ikki xalqning ma’naviy yaqinligini yaqqol namoyon etadi.
Vebinar davomida milliy qadriyatlarning globallashuv sharoitidagi ahamiyati, yosh avlod tarbiyasida musiqaning o‘rni, madaniy diplomatiya va san’at orqali xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollar asosida mavzu yuzasidan jonli va mazmunli fikr almashuv bo‘lib o‘tdi.
Professor-o‘qituvchilar va magistratura talabalari uchun tashkil etilgan mazkur xalqaro vebinar ilmiy hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish hamda musiqashunoslik yo‘nalishida zamonaviy yondashuvlarni o‘rganish imkonini berdi. Shu bilan birga, u ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Qo‘qon davlat universitetida o‘tkazilayotgan bunday xalqaro anjumanlar ta’lim va ilm-fan integratsiyasini kuchaytirish, talabalarning ilmiy dunyoqarashini boyitish hamda ularni global akademik maydonga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.