Xalqaro ta’lim hamkorligi: Qo‘qonga DAMU universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi
Ta’lim va fan sohasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, oliy ta’lim xizmatlari eksportini kengaytirish maqsadida Qo‘qon davlat universitetida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Bugun Qo‘qon davlat universitetiga Qozog‘iston Respublikasida faoliyat yurituvchi TOO “Universitet DAMU” rahbariyati vakillari tashrif buyurdi. Mazkur tashrifdan asosiy maqsad o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini muhokama qilish hamda qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini belgilashdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuvda Qoʻqon davlat universiteti rektori Dilnoza Xodjayeva, DAMU universiteti asoschisi Oljas Junusov, universitet rektori Murat Arnbekov hamda soha prorekorlari ishtirok etdilar.
Muzokaralar davomida hamkorlikning huquqiy asoslari, bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim dasturlari, qo‘shma ta’lim loyihalari, professor-o‘qituvchilar almashinuvi masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ta’lim sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish hamda kelgusida aniq kelishuvlar asosida amaliy ishlarni boshlash bo‘yicha o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.