Orqaga
Calendar icon

Qoʻqon davlat universitetida xalqaro sunʼiy intellekt taʼlim markazi tashkil etiladi


Qoʻqon davlat universitetida Chexiya Respublikasidagi Yevropa amaliy fanlar va menejment instituti (European Institute of Applied Science and Management) bilan hamkorlikda zamonaviy sunʼiy intellekt taʼlim markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Mazkur hamkorlik bo‘yicha tomonlar oʻrtasidagi kelishuv Chexiya poytaxti Praga shahrida imzolandi.


Ushbu loyiha doirasida sunʼiy intellekt (Artificial Intelligence), mashinali oʻqitish (Machine Learning) va maʼlumotlar tahlili (Data Science) yoʻnalishlari boʻyicha oʻrta maxsus va oliy taʼlim bosqichlarini qamrab olgan zamonaviy taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Taʼlim jarayoni nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy loyihalar asosida tashkil etiladi.

Taʼlim markazini tashkil etish va rivojlantirish jarayonida xalqaro taʼlim hamda texnologik grantlardan keng foydalaniladi. Jumladan, dastlabki bosqichlarda bulutli hisoblash, dasturiy taʼminot va ilmiy-loyihaviy faoliyat uchun ajratiladigan grantlar orqali markazning texnik va innovatsion salohiyati mustahkamlanadi.


Markazda yuqori unumli GPU serverlar, katta til modellari (LLM), ochiq kodli dasturiy platformalar hamda zamonaviy sunʼiy intellekt infratuzilmasi joriy etiladi. Oʻquv jarayoni oflayn, onlayn va aralash shakllarda olib boriladi.


Taʼlim markazining yillik qamrovi 250–350 nafar tinglovchini tashkil etishi rejalashtirilgan. Ushbu tashabbus Qoʻqon davlat universitetining ilmiy-taʼlim salohiyatini oshirish, raqamli iqtisodiyot uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash hamda hududda sunʼiy intellekt yoʻnalishini rivojlantirishga xizmat qiladi.